Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi
VILOYАT HOKIMI TEMIR YO‘L VA AVTOMOBIL YO‘LI YoQASIDAGI OBODONLAShTIRISh IShLARINI O‘RGANDI

Obodlik, ozodalik bor joyda joyda qut-baraka, sihat-salomatlik bo‘ladi. Odamlarning turmush darajasi yanada oshadi. Shu bois ham obodlik, saranjom-sarishtalik har kunlik hayotiy ehtiyojimizga aylanmoqda.

Hozirda Surxondaryo viloyatdagi 721 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 450 mingdan ortiq xonadon mavjud. Vohada istiqomat qilayotgan aholining 626 ming nafari ko‘p qavatli, 1 million 666 ming nafari yakka tartibdagi uylarda yashaydi. Mahallalar hududida 7 ming 363 ko‘cha bor.

Obodlik va ozodalik ishlari aslo mavsum tanlamasada keyingi kunlarda havo haroratining kun sayin iliqlashishi xonadon, ko‘cha va mahallalarimizni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun qulay muhit yaratmoqda.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov poezdda Termizdan Sariosiyo stansiyasigacha bo‘lgan temir yo‘l atrofidagi, qaytishda esa avtobusda Uzundan Termizgacha M-41 avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan mahallalardagi aholi yashash joylari, korxonalar va ekin maydonlari holati bilan tanishdi.

Viloyat hokimiga tegishli viloyat hokimi o‘rinbosarlari, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri, tumanlar hokimlari, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamrohlik qildi.

Viloyatda 94 mahalla temir yo‘l yo‘nalishi atrofida joylashgan. Ularda 21 ming 352 xonadon mavjud. 52 ta mahalla esa M-41 avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan bo‘lib, ularda 25 ming 20 ta xonadon bor.

O‘rganish jarayonida Termiz shahri, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari hududidan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li yoqasidagi mahallalar qiyofasiga, ko‘chalar, korxona va tashkilotlar binolari holatiga e’tibor qaratildi.

Ayrim mahallalardagi ayanchli manzaralar, har yer, har yerda to‘planib turgan chiqindilar uyumi, ko‘cha bo‘ylariga ekilgan dov-daraxtlarga shakl berish va oqlash ishlari bajarilmaganligi, ariq va zovurlarning tozalanmaganligi, yovvoyi o‘t-o‘lanlar bilan qoplanganligi mahalla va ko‘cha husniga dog‘ tushurayotganligi tanqid qilindi.

Xuddi shunday, aholi xonadonlari, tomorqalari holati ham viloyat hokimi e’tiboridanchetda qolmadi. Ayrim uylarning tom va fasad qismlari ta’mirlanmaganligi, devorlari oqlanmaganligi, ba’zi yordamchi binolari betartib qurilganligi, tomorqasidan samarasiz foydalanayotganligi ko‘rsatildi.

O‘z uyi, yurtini obod qilib, shundan mamnun bo‘lib yashash inson umriga ma’no beradi. Shu maslak hayotimizga o‘zgacha shukuh baxsh etadi. Qachonki, har uy, mahallada yashayotgan odam ozodalikka hissa qo‘shsa, yurtu kentlarimiz go‘zallashib boraveradi.

To‘ra Bobolov mutasaddilarga uyma-uy yurib, xonadonlar, ko‘chalar, mahallalarning ozodaligiga erishish, odamlarga uy-joyiga e’tiborli bo‘lish, tomorqasidan samarali foydalanishni targ‘ib qilish, ularda obod va ozoda go‘sha zavqini tuyib yashash hissini yanada kuchaytirish, har bir tashkilot va muassasaning o‘z hududini toza saqlashda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish topshirig‘ini berdi.

O‘rganish chog‘ida yo‘l yoqasidagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holatiga ham e’tibor qaratildi. Yerlardan maqsadli va samarali foydalanish, uning ekologik holatini yaxshilash, ekinlarni joylashtirishdagi mavjud muammolar yo‘l-yo‘lakay ko‘rsatib o‘tilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

– Bir haftadan so‘ng yana ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha yurib, bugun ko‘rsatilgan kamchiliklarning qay darajada bartaraf etilganligini o‘rganamiz, – dedi To‘ra Bobolov mutasaddilarga. – Bugungi hayot, bugungi davr oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni har birimiz chuqur anglab, unga vijdonan yondashsak, ishimizda rivoj va baraka bo‘ladi, odamlarimizning turmush sharoiti yaxshilanadi. Shu sababli zimmamizdagi mas’uliyatni bir zum ham unutishga, vazifalar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q.

 

4 izoh

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
1 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси