Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi
Mamlakatimizda sud-huquq cohasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
Ochiq ma'lumotlar / 2024-07-25

         Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari zamirida avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashdek ustuvor vazifalar mujassam. Barchaga ma’lumki, sud hokimiyatining asosiy vazifasi - fuqarolarning qonunchilikda kafolatlangan huquqlari va erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, tadbikorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

         Muhtaram Prezidentimizning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatini yanada kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Qabul qilingan Prezident Farmoniga asosan ishni sudga qadar yuritish bosqichida Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Bugungi kunda, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar, jinoyat ishlari, mansabdor shaxslarning chiqarilgan qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar hamda sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan. Bu o‘z o‘rnida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida yakka tartibda faoliyat yuritayotgan bir nafar sudyaning o‘ziga juda ko‘p ishlarni ko‘rib chiqish vazifasini yuklamoqda. Bu fuqarolar tomonidan o‘rinli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha hududiy sudlarda ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari, ya’ni, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi va boshqa iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.

         Ushbu Farmon sud tizimi tuzilmasini isloh qilishga, qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi v.v.b                             Sh.G‘oziev

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
5 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси