Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI O‘ZBEKISTON MATBUOT VA AXBOROT AGENTLIGI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH, SHUNINGDEK, UNING FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 2-fevraldagi PF-5653-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 2-fevraldagi PQ-4151-son qarori)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 17-avgustdagi PQ-3223-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining markaziy apparatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar agentlikning moliya yiliga xarajatlari prognozidan kelib chiqib uning tizimiga kiradigan nashriyotlar va matbaa korxonalarining mahsulotlarini sotishdan tushgan sof foydaning 2,0 foizigacha miqdorda shartnoma asosida ajratiladigan mablag‘lar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi;
hududiy bo‘linmalar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi, ularni saqlash bilan bog‘liq boshqa xarajatlar esa o‘z mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri matbuot va axborot boshqarmalariga idoraviy mansub nashriyotlarning shartnoma asosida ajratiladigan mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining markaziy apparati uchun 4 ta, shu jumladan, 3 ta shaxsan biriktiriladigan va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri matbuot va axborot boshqarmalari uchun 14 ta avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.
Belgilab qo‘yilsinki, avtotransport vositalarini sotib olish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri matbuot va axborot boshqarmalarining o‘z mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
4. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ikki hafta muddatda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hay’ati xodimlarining soni va shaxsiy tarkibi to‘g‘risidagi takliflarni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.X. Tangriyev zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-dekabr,
1038-son
 
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-dekabrdagi 1038-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risida
NIZOM
 
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, faoliyatini amalga oshirish va hisobot berish tartibini hamda uning rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Agentlik ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. Agentlik o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 11-avgustdagi PF-5148-son Farmoniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 17-avgustdagi PQ-3223-son qaroriga muvofiq amalga oshiradi.
5. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Agentlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda Agentlikning hududiy bo‘linmalari deb ataladi), Agentlik tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutada bank hisob raqamlariga ega bo‘ladilar.
8. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi: O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi — O‘zMAA;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi: Press and information agency of Uzbekistan — PIAUz;
v) rus tilida:
Uzbekskoye agentstvo po pechati i informatsii — UzAPI.
2-bob. Agentlikning tuzilmasi
9. Agentlik tizimiga quyidagilar kiradi:
Agentlikning markaziy apparati;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari;
“O'zbekiston” ijodiy nashriyot-matbaa ijodiy uyi” davlat korxonasi;
“G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” davlat korxonasi;
“Oqituvchi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” davlat korxonasi;
“Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” davlat korxonasi;
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti” davlat korxonasi;
“Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” davlat korxonasi;
“Ma’muriy binolardan foydalanishni boshqarish” davlat korxonasi;
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi;
Agentlikning hududiy bo‘linmalariga idoraviy mansub nashriyotlar.
 
Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qaroriga asosan o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
3-bob. Agentlik va uning tarkibiy bo‘linmalarining vazifalari va funksiyalari
1-§. Agentlikning vazifalari va funksiyalari:
10. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatiga doir qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash;
2) ommaviy axborot vositalari, noshirlik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish;
3) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga oid qonun hujjatlariga, davlat va tarmoq standartlariga rioya etilishi, so‘z va axborot erkinligini kafolatlaydigan qonunchilik normalarining bajarilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish;
4) axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot sohasidagi tahdidlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
5) jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish, elektron va audiokitoblar yaratish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
6) ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va bajarish;
7) o‘zbek tili va adabiyotini chet elda ommalashtirish, mahalliy nashriyotlarga o‘z mahsulotlarini xalqaro kitob bozoriga olib chiqishda ko‘maklashish;
8) axborotni tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida respublika fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qatnashish;
9) media bozorda mulkchilik shakllaridan qat’i nazar ommaviy axborot vositalariga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
10) noshirlik va matbaa tarmoqlarining texnik-texnologik bazasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, standartlashtirish va sertifikatlash, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
11) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga doir milliy va xorijiy tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarkalar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
12) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida tegishli xorijiy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
11. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
1) ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatiga doir qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash sohasida:
qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida belgilangan tartibda va doirada kasbiy faoliyat doirasida ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining mustaqilligi va erkinligini ta’minlash vakolatlarini amalga oshiradi;
matbuot va ommaviy axborot vositalarini yanada erkinlashtirish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
2) ommaviy axborot vositalari, noshirlik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish sohasida:
ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
matbaa korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;
noshirlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining ishchi organi funksiyasini bajaradi;
ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va joriy etishda ishtirok etadi;
3) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga oid qonun hujjatlariga, davlat va tarmoq standartlariga rioya etilishi, so‘z va axborot erkinligini kafolatlaydigan qonunchilik normalarining bajarilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish sohasida:
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari va respublika axborot makoni boshqa ishtirokchilari tomonidan axborot va noshirlik sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi monitoringi olib borilishini tashkil etadi;
qonun hujjatlariga, litsenziya, ruxsat berish talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qiladi, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, matbaa korxonalari tomonidan qonun hujjatlari muntazam bajarilmasligi hollari aniqlanganda — litsenziyalar va ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi guvohnomalarning amal qilishini to‘xtatib turish va to‘xtatish to‘g‘risida belgilangan tartibda sudga murojaat qiladi;
4) axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot sohasidagi tahdidlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:
axborot makonidagi turli tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda, bolalarni ularning sog‘ligiga zararli ta’sir ko‘rsatadigan axborotdan himoya qilishda ishtirok etadi;
mamlakatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni faol va sifatli yoritishga erishish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, ularda fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ma’naviyatni oshirish masalalarida ommaviy axborot vositalarining faoliyatini rag‘batlantiradi va muvofiqlashtiradi;
shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
5) jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish, elektron va audiokitoblar yaratish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida;
aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishda, o‘sib kelayotgan avlodning intellektual va ma’naviy kamol topishida kitobning o‘rni va ahamiyatini oshirishda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona muassasalari fondini ilmiy, ensiklopedik, badiiy adabiyotlar bilan muntazam boyitish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
nashriyotlarning mavzular rejasini tahlil etish asosida metodik tavsiyalar berish orqali kitoblarning sifati va ijtimoiy ahamiyatini oshirishga ko‘maklashadi;
6) ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va bajarish sohasida:
nashriyotlarda ijtimoiy ahamiyatli adabiyotlarni nashr etish va nusxasini ko‘paytirish bo‘yicha maqsadli dasturlar tayyorlanishini tashkil etadi;
milliy va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari nusxasini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy-moliyaviy loyihalar tayyorlash, ularni moliyalashtirish tizimini hamda aholi, ayniqsa yoshlarning ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy adabiyotlarga bo‘lgan intellektual ehtiyojini qondirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi;
7) o‘zbek tili va adabiyotini chet elda ommalashtirish, mahalliy nashriyotlarga o‘z mahsulotlarini xalqaro kitob bozoriga olib chiqishda ko‘maklashish sohasida:
xorijiy davlatlarning ommaviy axborot vositalari, noshirlik ishi va matbaa sohasidagi tajribasini o‘rganadi, ularning maqbul jihatlaridan foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqadi;
o‘zbek tili va adabiyotini, xalqaro bozorlarda milliy adabiyot va kitob mahsulotlarining maqomini oshirishni targ‘ib qilishda ishtirok etadi;
8) axborotni tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida respublika fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qatnashish sohasida;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi bilan bog‘liq hujjatlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
davlat organlari faoliyati ochiqligini, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning axborot olishi darajasini tizimli tahlil etishda, ularning samarali o‘zaro hamkorligini oshirish chora-tadbirlarini belgilashda ishtirok etadi;
yuridik va jismoniy shaxslarni ommaviy axborot vositalari orqali noxolis, ishonchsiz va normativ-huquqiy hujjatlar bilan taqiqlangan axborot tarqalishidan himoya qilishga ko‘maklashadi;
9) media bozorda mulkchilik shakllaridan qat’i nazar ommaviy axborot vositalariga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish sohasida:
ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish sohasida sog‘lom raqobatni rivojlantirishga doir takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashadi;
ommaviy axborot vositalarining mulkchilik shakllaridan qat’i nazar rasmiy axborotdan teng huquqli foydalanishini ta’minlaydi.
10) noshirlik va matbaa tarmoqlarining texnik-texnologik bazasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, standartlashtirish va sertifikatlash, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
noshirlik-matbaa sohasida texnik tartibga solish hamda texnikaviy hujjatlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;
Agentlikning tarkibiy bo‘linmalarini rivojlantirishga doir prognoz parametrlar va dasturlarni ishlab chiqadi;
idoraviy mansub tashkilotlarda matbaa uskunalarini yangilash, modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish hamda xalqaro tashkilotlarning kreditlaridan keng foydalanishga ko‘maklashadi va bu borada maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi;
har tomonlama tahlil qilish asosida noshirlik va matbaa sektorining texnik-texnologik bazasini yanada rivojlantirish, ushbu sohani standartlash va sertifikatlash bo‘yicha takliflar va metodik tavsiyalarni ishlab chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
11) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga doir milliy va xorijiy tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarkalar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish sohasida:
ommaviy axborot vositalari, noshirlik-matbaa faoliyati va axborot-kutubxona ishi sohasida milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar va mavzuli ekspozitsiyalarni tashkil etish masalalarida metodik tavsiyalar berish yo‘li bilan ko‘maklashadi;
o‘zbek adabiyotini chet elda ommalashtirishga yo‘naltirilgan xalqaro festivallar va bayramlarni tashkil etish masalalarida jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
12) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida tegishli xorijiy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish sohasida:
matbuot va axborot hamda axborot-kutubxona ishi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etadi;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni muvofiqlashtirish va metodik yordam ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlaydi;
Agentlik vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etadi.
2-§. Agentlik markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari
12. Quyidagilar Agentlik markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) axborotni ishlab chiqarish va tarqatish sohasida qonunchilik ijrosi bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish;
2) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
3) matbuot, ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa, shuningdek, axborot-kutubxona ishi sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar tomonidan texnik tartibga solish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan sifatli monitoring va nazoratni tashkil etish;
4) Agentlikning hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda axborot xavfsizligini ta’minlashga, axborot sohasidagi tahdidlarning oldini olishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
5) kitoblar nashr etishni, nusxasini ko‘paytirishni va tarqatishni qo‘llab-quvvatlash, elektron va audiokitoblar yaratish hamda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha ma’rifiy ishlarni tashkil etishga doir samarali tadbirlarni amalga oshirish;
6) hududiy bo‘linmalar bilan birgalikda ijtimoiy ahamiyatli adabiyotlarni nashr etishga doir maqsadli dasturlarni tayyorlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
7) o‘zbek tili va adabiyotini chet elda ommalashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkil etish va ularda ishtirok etish;
8) axborotni tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida fuqarolar, tashkilotlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni tashkil etish;
9) ommaviy axborot vositalari tahririyatlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish, huquqlari va erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir tadbirlarda ishtirok etish va amalga oshirish;
10) modernizatsiya qilishni sifatli rejalashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, standartlash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish maqsadida matbaa sektorini o‘rganish va tahlil qilish, matbaa sektorining ishlab chiqarish salohiyatini inventarizatsiya qilish;
11) milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarkalar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etishda ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, matbaa hamda kutubxona tashkilotlariga ko‘maklashish;
12) matbuot va ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona faoliyati sohasida mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va tajriba almashishni rivojlantirishga doir tadbirlarni tashkil etish.
13. Agentlikning markaziy apparati unga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi;
1) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha bosma ommaviy axborot vositalariga maslahatlar beradi va metodik yordam ko‘rsatadi;
2) jamiyatning demokratik institutlarini yanada rivojlantirishda, ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda ishtirok etadi;
3) bosma ommaviy axborot vositalari bozorini rivojlantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishiga ko‘maklashadi;
4) o‘z vakolatlari doirasida Agentlikning bosh direktori va uning o‘rinbosarlari buyruqlari va farmoyishlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
5) Agentlik faoliyatini, shu jumladan, norma ijodkorligi sohasida huquqiy ta’minlashni tashkil etadi;
6) Agentlik rahbariyati uchun boshqaruv qarorlarini qabul qilish maqsadida nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, matbaa tarmog‘i, axborot-kutubxona ishini rivojlantirish tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni to‘playdi, umumlashtiradi va tahlil qiladi;
7) noshirlik faoliyatini litsenziyalash, ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularni rivojlantirishga oid masalalar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga axboriy, metodik, tashkiliy va maslahat yordami beradi;
8) matbaa korxonalari belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini va ommaviy axborot vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
9) keyinchalik Vazirlar Mahkamasining noshirlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha komissiyasiga kiritish uchun zarur hujjatlarni shakllantiradi;
10) quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalarining yagona reyestri;
O‘zbekiston Respublikasida matbaa korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yagona davlat reyestri;
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi nashriyotlar davlat reyestri yuritilishini ta’minlaydi;
11) noshirlik-matbaa ishi, ommaviy axborot vositalari va axborot-kutubxona ishini rivojlantirish prognozlarini ishlab chiqadi;
12) Agentlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari hamda Agentlikka idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari bajarilishi ustidan muntazam nazorat qilinishini ta’minlaydi;
13) nashriyotlar, matbaa korxonalari, ommaviy axborot vositalari va axborot-kutubxona muassasalari faoliyati monitoringi olib borilishini tashkil etadi;
14) Agentlik va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi;
15) Agentlikning hududiy bo‘linmalari va Agentlikka idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
16) bosma ommaviy axborot vositalari, kitob nashr etish, nusxasini ko‘paytirish va tarqatish, axborot-kutubxona ishining dolzarb masalalarini kun tartibiga kiritish, Agentlikning hay’at yig‘ilishlari va majlislarida ko‘rib chiqish uchun tayyorlaydi va ushbu masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda qatnashadi;
17) kitoblar, bosma ommaviy axborot vositalarining nazorat nusxalarini to‘playdi, ularni o‘rganib chiqadi va baholaydi;
18) Agentlikning hududiy bo‘linmalari, Agentlikka idoraviy mansub tashkilotlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni tashkil etadi;
19) har tomonlama tahlil qilish asosida mamlakatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni faol va sifatli yoritishga erishish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, uning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash va ma’naviyatini oshirish maqsadida ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi;
20) yoshlarni ma’naviy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, mazmuniga ko‘ra madaniy va milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan sifatsiz adabiyotlar nashr etilishining oldini olishga doir tadbirlarni tashkil etadi;
21) yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, mazmuniga ko‘ra madaniy va milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan sifatsiz adabiyotlar nashr etilishining oldini oladi;
22) Agentlik rahbariyati bilan kelishgan holda kitobxonlikni ommalashtirish bo‘yicha bosma va elektron shakldagi tadbirlarni tashkil etadi va o‘tkazadi;
23) ilmiy-texnik, badiiy adabiyotlar, ensiklopediyalar va har xil yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotnomalarni lotin yozuvi asosida o‘zbek tilida nashr etishni yanada kengaytirishga doir aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
24) elektron va audiokitoblarni ishlab chiqarish, ushbu mahsulotlarni maqbul narxlarda xarid qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar tayyorlash borasida amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
25) kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun muntazam ravishda ma’rifiy ishlarni tashkil etish hamda shu maqsadda respublika tanlovlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
26) O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga javob beradigan ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
27) O‘zbekiston Respublikasi va chet elda kitob nashr etish va kitob tarqatish tarmog‘ini rivojlantirishning holati, tendensiyalari va istiqbollariga doir statistik va boshqa ma’lumotlarni keng kitobxonlar jamoatchiligiga yetkazish maqsadida to‘playdi va tahlil qiladi;
28) Agentlik vakolatiga kiradigan idoralararo kengashlar, komissiyalar va ishchi guruhlar ishida qatnashadi;
29) matbuot, nashriyot, matbaa va axborot-kutubxona ishiga oid xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganadi, ularning maqbul jihatlaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
30) milliy adabiyotning eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqadi va ularni sifatli nashr etish va moliyalashtirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi;
31) Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga kiritiladigan hujjatlarni sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqishni, ularni iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etadi;
32) Agentlik vakolatiga kiradigan operativ, tashkiliy, kadrlar masalasi, moliyaviy, ishlab chiqarish-xo‘jalik va boshqa masalalarni hal etish bilan shug‘ullanadi;
33) fuqarolarni qabul qiladi, ularning og‘zaki va yozma murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini, ular bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddatda qarorlar qabul qilinishi va ariza beruvchilarga javob yuborilishini ta’minlaydi;
34) ommaviy axborot vositalarini texnologik rivojlantirish va mazmunan boyitishga ko‘maklashadi;
35) o‘z vakolatlari doirasida jurnalistlar va boshqa shaxslarning rasmiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lishiga doir huquqlarini ta’minlashda ishtirok etadi;
36) xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda asbob-uskunalar va materiallarni xarid qilish, biznes-rejalarni ishlab chiqishda idoraviy mansub tashkilotlarga maslahat yordami beradi;
37) idoraviy mansub tashkilotlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi, ularni iqtisodiy rivojlantirishga doir konsepsiya va istiqbollarni belgilaydi;
38) noshirlik va matbaa sektori, matbaa mahsulotlarini standartlashtirish va sertifikatlash masalalariga metodik yordam ko‘rsatadi;
39) tarmoqni rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik vazifalarni hal etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
40) matbaa sektorini muntazam tahlil qilib boradi, uning ishlab chiqarish salohiyatini inventarizatsiya qiladi;
41) ko‘rgazmalar va yarmarkalar tashkil etish va o‘tkazish maqsadida xalqaro hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
42) xorijda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmalarda milliy kitoblar hamda kitob nashr etishni va matbuot tarmog‘ini keng namoyish etgan holda chet elda xalqaro ko‘rgazmalarda milliy ekspozitsiyalar tashkil etilishiga ko‘maklashadi;
43) o‘zbek tilidagi kitoblarni ommalashtirishga yo‘naltirilgan taqdimotlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishda metodik va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlaydi;
44) matbuot va axborot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazishga ko‘maklashadi;
45) matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etadi, ushbu yo‘nalishlarda ma’muriyatchilikning xalqaro tajribasidan foydalanadi;
46) elektron kataloglar, kutubxonalar tashkil etish va ulardan keng foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
47) hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan birgalikda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlaydi;
48) Agentlik tomonidan yuqori tashkilotlar hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik amalga oshirilishini ta’minlaydi.
3-§. Agentlik hududiy bo‘linmalarining vazifalari va funksiyalari
14. Quyidagilar Agentlik hududiy bo‘linmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablarini tushuntirish, ularning ijrosi bo‘yicha tadbirlarni joylarda tashkil etish va o‘tkazish;
2) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;
3) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida qonun hujjatlariga rioya etish, tegishli hududda so‘z va axborot erkinligini kafolatlaydigan qonunchilik normalari bajarilishi ustidan monitoring olib borish;
4) aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, uning fuqarolik pozitsiyasi mustahkamlanishiga, ma’naviyati o‘sishiga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
5) kitoblarni va kitobxonlik madaniyati an’analarini targ‘ib qilish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish bo‘yicha faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, elektron va audiokitoblar yaratish yo‘li bilan aholi ma’naviyatini oshirish;
6) nashriyot tashkilotlariga ular faoliyati va adabiy ijodni rivojlantirish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish;
7) milliy adabiyot va kitob mahsulotlari nufuzini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
8) tegishli hududda axborot tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya qilish ustidan monitoring olib borish;
9) mulkchilik shakllaridan qat’i nazar tegishli hududda ommaviy axborot vositalari uchun teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish;
10) noshirlik va matbaa sektorining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, uni modernizatsiya qilishga va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
11) ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida hududiy tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarkalar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
12) matbuot va axborot, noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona faoliyati sohasiga xalqaro tajribani joriy etish.
15. Hududiy bo‘linmalar ularga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) o‘z vakolatlari doirasida viloyatlarda ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining mustaqilligi va erkinligini ta’minlaydi;
2) matbuot va ommaviy axborot vositalarini yanada erkinlashtirish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga ko‘maklashadi;
3) ommaviy axborot vositalari sohasida qonun hujjatlari talablarini tushuntirish bo‘yicha har xil seminarlar tashkil etadi;
4) ustun darajada bir viloyat hududida tarqatishga mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
5) o‘z vakolati doirasida Agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlarining buyruqlari va farmoyishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi;
6) tegishli hududda nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, matbuot tarmog‘i, axborot-kutubxona ishi tendensiyalari to‘g‘risida Agentlik rahbariyati uchun axborotni to‘playdi, umumlashtiradi va tahlil qiladi;
7) ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularni rivojlantirish masalalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga axborot, metodik, tashkiliy va maslahat yordami beradi;
8) viloyatda noshirlik-matbaa ishini, ommaviy axborot vositalari va axborot-kutubxona ishini rivojlantirish prognozlarini ishlab chiqadi;
9) kitob nashr etish, ommaviy axborot vositalari, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi va Agentlik rahbariyatiga kiritadi;
10) nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radio va axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot va noshirlik ishi sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringi olib borilishini tashkil etadi;
11) qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib boradi, ommaviy axborot vositalari tomonidan qonun hujjatlari muntazam bajarilmasligi holatlarida esa — ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtash va ularni haqiqiy emas deb e’tirof etish to‘g‘risidagi arizalar bilan belgilangan tartibda sudlarga murojaat qiladi;
12) viloyatda axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
13) tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalari hisobini yuritadi;
14) viloyatda bosma ommaviy axborot vositalarining nazorat nusxalarini to‘playdi, o‘rganadi va baholaydi;
15) mamlakatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni faol va sifatli yoritishga erishish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, uning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ma’naviyatini o‘stirish masalalarida ommaviy axborot vositalari faoliyatini rag‘batlantiradi va muvofiqlashtiradi;
16) yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi mazmuniga ko‘ra sifatsiz, madaniy va milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan adabiyotlar nashr etilishining oldini oladi;
17) tegishli hududda axborot makonida har xil tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, bolalarni ularning sog‘ligiga zarar yetkazadigan axborotdan himoya qilish tadbirlarini amalga oshiradi;
18) viloyatlarda aholining, ayniqsa yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishda, intellektual va ma’naviy barkamol o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashda kitoblarning roli va ahamiyatini oshirishda ishtirok etadi;
19) axborot-kutubxona muassasalari fondlari ilmiy, ensiklopedik, badiiy adabiyotlar bilan muntazam to‘ldirib borilishi yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
20) kitobxonlik madaniyatini oshirish va ushbu maqsadda mintaqaviy tanlovlar o‘tkazish bo‘yicha ma’rifiy ishlarni tashkil etadi;
21) viloyatda kitobxonlikni ommalashtirishning samarali va barqaror mexanizmi yaratilishida ishtirok etadi;
22) ijtimoiy ahamiyatli adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha mavzular rejasini shakllantirish masalalarida noshirlik tashkilotlariga axborot jihatidan va metodik yordam beradi;
23) viloyatda adabiy ijod rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va rag‘batlantiradi;
24) keyinchalik xorijiy tillarga tarjima qilish uchun milliy adabiyotning eng yaxshi asarlari ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha takliflarni Agentlik rahbariyatining ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;
25) milliy adabiyotning olg‘a siljishi uchun qulay axborot muhiti va elektron resurslardan foydalanish sharoitlari shakllantirilishida ishtirok etadi;
26) ushbu yo‘nalishda ommaviy axborot vositalari va boshqa bosma mahsulotlar orqali reklama va e’lonlar tarqatilishini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi, davlat va jamiyat manfaatlariga, odob-axloq va ma’naviyatning umumiy e’tirof etilgan normalariga, qonun hujjatlari talablariga rioya etish chora-tadbirlarini ko‘radi;
27) fuqarolar, tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborotni olish, tarqatish va undan foydalanishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
28) professional faoliyatda ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining mustaqilligi va erkinligini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
29) o‘z vakolatlari doirasida jurnalistlar va boshqa shaxslarning rasmiy axborotdan foydalanishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashda ishtirok etadi;
30) viloyatda ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
31) korxonalarda matbaa asbob-uskunalarini yangilash, ularni modernizatsiya qilish, noshirlik-matbaa sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning kreditlaridan keng foydalanish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishiga ko‘maklashadi;
32) viloyatda matbaa mahsulotlarini standartlashtirish, sertifikatlash masalalarida metodik yordam beradi;
33) ommaviy axborot vositalari va noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mintaqaviy tanlovlar, ko‘rgazmalar va yarmarkalar tashkil etilishiga ko‘maklashadi;
34) mavzuli, shu jumladan, o‘zbek yozuvchilarining yubileylariga va xotirlash sanalarga bag‘ishlangan kitob ko‘rgazmalarini tashkil etadi va o‘tkazadi;
35) matbuot va axborot, noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona faoliyati sohasida ilmiy konferensiyalar o‘tkazishda ishtirok etadi;
36) tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikda ishtirok etadi, ushbu yo‘nalishlarda ma’muriyatchilikning xalqaro tajribasidan foydalanadi;
37) elektron kataloglar va kutubxonalarni shakllantirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
38) Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlashda ishtirok etadi.
4-bob. Agentlik va uning bo‘linmalarining huquqlari va javobgarligi
1-§. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
16. Agentlik unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga kiritish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan axborotni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan belgilangan tartibda olish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha zarur statistik axborotni davlat statistika organlaridan bepul olish;
Agentlik va unga idoraviy mansub tuzilmalarning davlat mulkini bir bo‘linmadan boshqasiga belgilangan tartibda berish;
Agentlikning, uning idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini tegishli sohada ular faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha parametrlar ular tomonidan bajarilishini hisobga olgan holda moddiy rag‘batlantirish tartibi, miqdori va shartlarini belgilash;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rib chiqish uchun kiritish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etish, idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Agentlik vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha xalqaro darajada belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash;
tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va matbaa korxonalari bilan hamkorlik qilish;
so‘z erkinligini ta’minlash, davriy nashrlarni tarqatish, axborot almashish, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash sohasida, shuningdek, axborot sohasida xavfsizlik, tahdidlarning oldini olish, noshirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, matbaa korxonalarini modernizatsiya qilish, bosma mahsulotlar sifatini oshirish va tannarxini pasaytirish masalalarini hal etish uchun yuqori malakali mutaxassislarni pulli asosda jalb etish;
norma ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish, ilmiy tashkilotlarning ekspert, tadqiqot ishlari va maslahatlashuvlari uchun davlat organlari xodimlarini, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish, vaqtinchalik ijodiy jamoalar tashkil etish;
ommaviy axborot vositalari, noshirlik faoliyatini standartlashtirish va sertifikatlash, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlariga metodik yordam berish, faoliyatini muvofiqlashtirish, tahlil qilish va rivojlantirish maqsadida jamoatchilik vakillari, olimlar va ekspertlardan iborat maslahat organlari tuzish;
matbuot va axborot sohasidagi qonun hujjatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni o‘z vakolatlari doirasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berish;
o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda Agentlik vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi boshqa organlari bilan birgalikda belgilangan tartibda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlarni chiqarish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
17. Agentlik:
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa, axborot-kutubxona faoliyati sohasida yagona davlat siyosati samarali amalga oshirilishi;
Agentlik faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishish so‘zsiz ta’minlanishi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlar, shuningdek, Agentlik tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va oqibatlari;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, matbaa tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va hududlar, tarmoqning muammoli masalalarini hal etish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirilishi;
kitob nashr etish, ommaviy axborot vositalari va axborot-kutubxona ishi sohasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash va himoya qilish uchun javob beradi.
2-§. Agentlik markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi
18. Agentlikning markaziy apparati unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:
masalalarni tahlil qilish va qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni, shuningdek, Agentlikning markaziy apparatida ko‘rib chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va boshqa hujjatlarni hududiy bo‘linmalardan va idoraviy mansub tashkilotlardan so‘rash va olish;
Agentlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarur bo‘lganda hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hamda vakillarini belgilangan tartibda jalb qilish, shu maqsadda ekspert va ishchi guruhlar tashkil etish;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan ular tomonidan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlashni talab qilish, zarurat bo‘lganda ularni qayta ishlash uchun qaytarish;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlariga tezlikda hal qilinishi talab etiladigan va Agentlikka yuklangan vazifalar hamda funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, shuningdek, Agentlik va uning rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlari hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan bajarilishi yuzasidan ularning faoliyatini belgilangan tartibda o‘rganish va tekshirish huquqiga ega.
Agentlikning markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
19. Agentlikning markaziy apparati:
Agentlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, shuningdek, unga idoraviy mansub tashkilotlar bilan birgalikda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlash bo‘yicha Agentlik markaziy apparati bo‘linmalarining ishini tashkil etish;
Agentlik tomonidan ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, Agentlik tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning tayyorlanishi sifati va ekspertizadan o‘tkazilishi;
tarmoqni rivojlantirish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va hududlar, nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, matbaa tarmog‘ining muammoli masalalarini hal etish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar tarkibiy va hududiy bo‘linmalar tomonidan amalga oshirilishini tashkil etish;
kitob nashr etish, ommaviy axborot vositalari va axborot-kutubxona ishlari sohasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va himoya qilinishini ta’minlash uchun javob beradi.
3-§. Agentlikning hududiy bo‘limlari huquqlari va javobgarligi
20. Hududiy bo‘linmalar ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
o‘z vakolatlariga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur axborotni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘limlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
Agentlik vakolatiga tegishli bo‘lgan sohada muhim muammolarni ishlab chiqish va ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy darajada idoralararo komissiyalar va kengashlar tuzish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rib chiqishi uchun kiritish;
tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va matbaa tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
mintaqalarda ommaviy axborot vositalari, standartlashtirish va sertifikatlash, noshirlik faoliyati, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlariga metodik yordam berish faoliyatini tahlil qilish va rivojlantirish maqsadida jamoatchilik vakillari, olimlar va ekspertlardan iborat maslahat organlarini shakllantirish;
matbuot va axborot sohasidagi qonun hujjatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni o‘z vakolatlari doirasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berish.
21. Hududiy bo‘linmalar:
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
Agentlikka kiritiladigan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, Agentlikning hududiy bo‘linmalari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
Agentlikning hududiy bo‘linmalari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishilishini ta’minlash;
har tomonlama va chuqur tahlil qilish va aniqlangan muammolarni umumlashtirish asosida tegishli viloyatda ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, matbaa tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning tegishli viloyatda samarali amalga oshirilishi, muammoli masalalar hal etilishi;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash;
bosma ommaviy axborot vositalari reyestri yuritilishi va axborot uzluksiz yangilanishi;
ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va matbaa korxonalari mahsulotlarining sifati oshirilishi uchun javob beradi.
5-bob. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
22. Quyidagilar Agentlik bosh direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
2) Agentlikning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish va nazorat qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan ushbu organga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
4) Agentlik, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
5) Agentlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni xizmatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari topshiriqlarini bajarish;
7) o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlash, Agentlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Agentlik faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun o‘z o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyati darajasini belgilash;
8) Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Agentlik va o‘z o‘rinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
9) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlar o‘z vaqtida sifatli ijro etilishi uchun tarkibiy va hududiy bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
10) Agentlik xodimlarini tizimli qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
11) Agentlik tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
12) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Agentlikka ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash;
13) faoliyat sohasi masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ular “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 14-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti (keyingi o‘rinlarda Vazirlar Mahkamasining Reglamenti deb ataladi) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyuldagi PQ-3161-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti (keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti deb ataladi) talablariga qat’iy muvofiq ravishda o‘z vaqtida kiritilishini tashkil etish, ularning Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlanishida, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati huzurida himoya qilinishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
14) “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihasi faoliyatining Namunaviy reglamentiga muvofiq Agentlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
15) Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy ekspertizadan va boshqa ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan muddatlarda ularni kelishish (viza qo‘yish);
16) Agentlik rahbarlari va xodimlari xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
17) o‘z o‘rinbosarlari hamda tarkibiy va hududiy bo‘linmalar rahbarlari faoliyati samaradorligini va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Agentlik hay’ati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
18) Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, o‘z o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolishining maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish to‘g‘risida takliflar kiritish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
19) Agentlik xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari (keyingi o‘rinlarda Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari deb ataladi) talablariga rioya etilishini ta’minlash;
20) “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
21) Agentlik hamda uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini ta’minlash;
22) aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik qilishda, shu jumladan, “yagona darcha” prinsipini joriy etish orqali davlat xizmatlari sifati va samaradorligini hamda ulardan erkin foydalanishni oshirish hamda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
23) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
24) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Agentlik xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
25) davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
26) Markaziy apparat va uning hududiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomni, Agentlik tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlarning ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
27) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;
28) Agentlik markaziy apparati xodimlarini, idoraviy mansub tashkilotlar, shuningdek, hududiy bo‘linmalar rahbarlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
29) Agentlik markaziy apparati, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari mansabdor shaxslari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish, shuningdek, ularning ijrosini belgilangan tartibda nazorat qilish;
30) Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi va shtat jadvalini, xodimlarning belgilangan soni doirasida hududiy bo‘linmalar, idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarning sonini tasdiqlash.
23. Quyidagilar Agentlik bosh direktori o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;
2) Agentlik rahbari vaqtincha bo‘lmaganda tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
3) Agentlikning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;
4) Agentlik faoliyatining mutasaddilik qilinadigan yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
5) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar tomonidan prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish, bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitish va ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
6) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining har choraklik rejalarini tasdiqlash, ular bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Agentlikning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalarida ijro intizomi bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
8) Agentlik hay’ati, Agentlik bosh direktorining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
9) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Agentlik bosh direktoriga takliflar taqdim etish, ularning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish, mutasaddilik qilinadigan bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
10) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Agentlikning tarkibiy bo‘linmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va ular keyinchalik Agentlik bosh direktori tomonidan ko‘rib chiqilishi, imzolanishi (viza qo‘yilishi) uchun viza qo‘yish, ularning Vazirlar Mahkamasi Reglamenti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Reglamenti talablariga qat’iy muvofiq ravishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda Agentlik bosh direktorining topshirig‘iga binoan ishtirok etish;
11) Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish, ularni puxta moliyaviy, iqtisodiy va huquqiy ekspertizadan va boshqa ekspertizadan o‘tkazish;
12) xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3137-son qarorlari talablariga to‘liq muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
13) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Agentlik hay’ati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
14) faoliyat sohasiga tegishli masalalar bo‘yicha Agentlik faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni Agentlik bosh direktoriga kiritish;
15) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligiga masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni Agentlik bosh direktoriga kiritish, funksional vazifalar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish;
16) Agentlik xodimlarining Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini ta’minlash;
17) huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
18) davlat xizmatlari samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanishni oshirishga doir takliflarni Agentlik bosh direktoriga kiritish;
19) “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
20) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
21) davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
24. Quyidagilar Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
2) tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
3) Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
4) prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda tarkibiy bo‘linmalar ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflarni Agentlik bosh direktorining mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlariga kiritish;
5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Agentlik tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi P-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
6) Agentlik hay’ati qarorlari, bosh direktor va uning o‘rinbosarlari buyruqlari hamda topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
7) tarkibiy bo‘linmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
8) tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga amaliy va metodik yordam ko‘rsatish;
9) tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik bosh direktoriga kiritish;
10) tarkibiy bo‘linmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda Agentlik bosh direktori o‘rinbosarlariga takliflar taqdim etish, professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash, ularning kasb malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
11) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tarkibiy bo‘linmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Agentlikning tarkibiy bo‘linmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini keyinchalik Agentlik bosh direktori tomonidan ko‘rib chiqish, imzolash (viza qo‘yish), uchun ko‘rib chiqish va viza qo‘yish, ularning Vazirlar Mahkamasi Reglamenti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti talablariga qat’iy muvofiq ravishda Vazirlar Mahkamasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash, Agentlik rahbarlarining topshirig‘i bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasi apparatida ishlab chiqishda ishtirok etish;
12) Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish, ularni puxta moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy ekspertizadan va boshqa ekspertizadan o‘tkazish;
13) xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ–2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ–3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
14) tarkibiy bo‘linmalar xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
15) Agentlik xodimlarining Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, tarkibiy bo‘linmalar xodimlari ushbu qoidalarga rioya etishini ta’minlash;
16) “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy bo‘linmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
17) davlat xizmatlarining samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanishni oshirishga doir takliflarni Agentlik bosh direktoriga kiritish;
18) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
19) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;
20) davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
25. Quyidagilar hududiy bo‘linmalar rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;
2) Agentlik hududiy bo‘linmalari faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish va nazorat qilish, ushbu bo‘linmalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa qonun hujjatlari va Agentlikning hujjatlari bilan yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
3) hududiy bo‘linmalar faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun hududiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
5) Agentlik hay’ati qarorlari, Agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlarining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
6) Agentlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;
7) hududiy bo‘linmalarning mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, ularning shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
8) kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
9) bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash;
10) hududiy bo‘linmalar xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
11) hududiy bo‘linmalar xodimlari tomonidan Agentlik xodimlarining Odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishini ta’minlash;
12) huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali hududiy bo‘linmalar tizimida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
13) prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda hududiy bo‘linmalar tomonidan ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflarni Agentlik bosh direktorining mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlariga kiritish;
14) hududiy bo‘linmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
15) hududiy bo‘linmalar faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanishni oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik bosh direktoriga kiritish;
16) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
17) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan barcha murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;
18) hududiy bo‘linmalar xodimlari lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga intizomiy chora qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflarni Agentlikka kiritish;
19) davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash.
6-bob. Agentlik rahbarlarining javobgarligi
26. Agentlik bosh direktori:
1) Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
2) ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan Agentlikning javobgarlik sohalari bo‘yicha;
3) ushbu Nizomning 22-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
27. Agentlik bosh direktorining o‘rinbosarlari:
1) Mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalarda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
2) ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan Agentlikning mutasaddilik qilinadigan masalalarga doir javobgarlik sohalari bo‘yicha;
3) ushbu Nizomning 23-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
28. Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari;
1) tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi;
2) ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan Agentlik markaziy apparatining javobgarlik sohalari bo‘yicha;
3) ushbu Nizomning 24-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
29. Hududiy bo‘linmalar rahbarlari:
1) hududiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
2) ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan hududiy bo‘linmalarning javobgarlik sohalari bo‘yicha;
3) ushbu Nizomning 25-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
1-§. Agentlik rahbariyati
30. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bosh direktor boshchilik qiladi.
31. Bosh direktorning ikki nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
32. Bosh direktor moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirga, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari — vazirning birinchi o‘rinbosariga, bosh direktorning o‘rinbosari — vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
33. Bosh direktorning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
34. Agentlik bosh direktori bo‘lmagan vaqtda uning vakolatlari vazifalar taqsimotiga binoan uning o‘rinbosarlari tomonidan bajariladi.
35. Agentlikning bosh direktori hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlarining rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etiladi.
36. Agentlikning bosh direktori hududiy bo‘linmalar, idoraviy mansub tashkilotlarning nizomlarini, ustavlarini, tuzilmasini va shtat jadvalini xodimlarining belgilangan soni doirasida xodimlar sonini tasdiqlaydi.
2-§. Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalarining Agentlikning hududiy bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi
37. Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalarining Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.
38. Agentlik markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari hududiy bo‘linmalar bilan o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik qilib:
1) topshiriqlarni hududiy bo‘linmalarga va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
2) Agentlikning hududiy bo‘linmalariga va idoraviy mansub tashkilotlariga tarkibiy bo‘linmalarning bevosita faoliyati masalalari bo‘yicha so‘rovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
3) Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyati amaliyotini tekshiradi va o‘rganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
4) Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar o‘rganilishini tashkil etadi;
5) Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ko‘radi;
6) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Agentlikning hududiy organlari va idoraviy mansub tashkilotlari ishtirokini tashkil etadi, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi.
39. Agentlikning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari Agentlik markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi, shu jumladan:
1) Agentlik bosh direktori topshiriqlari ijrosi haqida axborot beradi;
2) faoliyatning belgilangan sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida markaziy apparatga axborot taqdim etadi;
3) ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida aniqlangan ishdagi kamchiliklarni va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida ma’lumot beradi;
4) o‘z ishi natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda Agentlikning markaziy apparatiga taqdim etadi;
5) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolarini, shu jumladan, aholining muhim muammolarini hal qilishga qaratilgan takliflarni Agentlikning markaziy apparatiga yuboradi;
6) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro hamkorlik natijalari to‘g‘risida axborot beradi;
7) vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan o‘z faoliyatini tekshirish natijalari to‘g‘risida xabar beradi.
40. Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, hududiy bo‘linmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Agentlik bosh direktorining topshirig‘iga binoan uning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar ko‘rsatib o‘tilgan ko‘rib chiqishdan keyin kelishmovchiliklar tartibga solinmasa, u bo‘yicha qaror bevosita Agentlik bosh direktori tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Agentlikning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi
41. Agentlik o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
42. Agentlikning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hududiy bo‘linmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Agentlikning hududiy bo‘linmalari tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishda va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik qiladi.
43. Agentlikning faoliyatiga Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi rahbari va Vazirlar Mahkamasining axborot-tahlil departamentlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining tegishli xizmati tomonidan mutasaddilik qilinadi.
4-§. Agentlikning hay’ati va boshqa maslahat organlari
44. Agentlikda bosh direktor (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimi bo‘yicha), shuningdek, Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi Agentlik tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa tashkilotlari, axborot-kutubxona ishi rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi.
Hay’at tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Agentlik bosh direktorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
45. Hay’atga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonun hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Agentlik tizimi xodimlari va rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rgan holda tarkibiy va hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hisobotlari muntazam ravishda eshitilishini tashkil etish;
Agentlik faoliyati sohasidagi davlat dasturlari hamda tarmoq va hududiy dasturlar amalga oshirilishining natijadorligini har chorakda va muntazam ko‘rib chiqish;
joylarda Agentlik faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilinishini ta’minlagan holda hay’atning kengaytirilgan sayyor majlislari o‘tkazilishini tashkil etish;
Agentlik markaziy apparatiga va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Agentlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun Agentlik rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan, ular bo‘yicha Agentlik mas’ul ijrochi hisoblangan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish.
46. Hay’at majlisiga Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
47. Hay’at, agar uning majlisida hay’at tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
48. Hay’at qarorlari Agentlik bosh direktorining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
49. Agentlik bosh direktori va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Agentlik bosh direktori yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Shuningdek, hay’at a’zolari ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘z fikrini ma’lum qilishi mumkin.
50. Hay’at faoliyati tartibi hay’at tomonidan tasdiqlanadigan uning reglamenti bilan belgilanadi.
51. Zarurat bo‘lganda Agentlikda ommaviy axborot vositalariga, matbaa va noshirlik faoliyatiga, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlariga metodik yordam berish, muvofiqlashtirish, tahlil qilish va ularni rivojlantirish maqsadida jamoatchilik vakillari, olimlar va ekspertlardan iborat tarkibda maslahat organlari tashkil etiladi.
8-bob. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
52. Agentlikning samaradorligi muntazam baholanishi lozim.
53. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligiga berilgan baholar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mutasaddilik qiladigan kompleksi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
54. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:
Agentlik rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
55. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va metodikasi qonun hujjatlariga ko‘ra belgilanadi.
9-bob. Agentlikni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish
56. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining markaziy apparatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar Agentlikning moliya yiliga xarajatlari prognozidan kelib chiqib uning tizimga kiradigan nashriyotlar va matbaa korxonalarining mahsulotlarini sotishdan tushgan sof foydaning 2,0 foizigacha miqdorda shartnoma asosida ajratiladigan mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
57. Hududiy bo‘linmalar xodimlari mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi, ularni saqlash bilan bog‘liq boshqa xarajatlar esa o‘z mablag‘lari, hududiy bo‘linmalarga idoraviy mansub nashriyotlarning shartnoma asosida ajratiladigan mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
Ajratmalar tuzilgan shartnomalarga muvofiq yil mobaynida har oyda amalga oshiriladi.
Istisno hollarda Agentlik bosh direktorining buyrug‘i bo‘yicha hududiy bo‘linmalarga ularning yozma so‘rovlari asosida Agentlik tomonidan qo‘shimcha moliyaviy yordam beriladi.
58. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini saqlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.
59. Hududiy bo‘linmalar xodimlariga:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga 10-ilovada ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash shartlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatchilarining lavozim maoshlariga yigirma foizli ustama haq belgilash to‘g‘risida” 1997-yil 3-iyuldagi 339-son qarori talablari;
qonun hujjatlariga muvofiq budjet muassasalari va tashkilotlari uchun belgilangan 15 foiz miqdorida moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi tatbiq etiladi.
60. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalardan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat.
Agentlik xodimlari lavozim maoshlariga har oyda qo‘shiladigan rag‘batlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan qo‘shimcha haqlar va ustamalar Agentlik bosh direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq to‘lanadi.
10-bob. Agentlikning Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot berishi
61. Agentlik bosh direktori Agentlikning faoliyati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda hisobot beradi.
62. Vazirlar Mahkamasining mutasaddilik qiladigan kompleksi rahbari Agentlik bosh direktoriga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun uning faoliyati ustidan muntazam monitoring olib boradi, Agentlik faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
63. Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha Agentlikning alohida o‘rnak ko‘rsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari rag‘batlantiriladi yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
64. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-dekabrdagi 1038-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgarishlar
 
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini tashkil etish va “Ma’rifat markazi” binosidan samarali foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida” 2011-yil 14-noyabrdagi 302-son qarori 6-bandining “b” kichik bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 11-son, 88-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“b) Milliy kutubxonaga O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-apreldagi 98-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 4-son, 22-modda) bilan tasdiqlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — axborot resurs markazi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Milliy kutubxona O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tarkibiga kiradi”.
b) 13-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori” so‘zlari bilan almashtirilsin.
v) 14-bandning beshinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori” so‘zlari bilan almashtirilsin.
 
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-dekabrdagi 1038-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
 
1. Vazirlar Mahkamasining “Bolalar va o‘smirlar nashrlarining moliyaviy ta’minotini davlat tasarrufiga olish to‘g‘risida” 1995-yil 14-fevraldagi 50-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2004-yil 11-iyundagi 274-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 6-son, 56-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Matbuot, axborot tizimlari va telekommunikatsiya sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2005-yil 16-avgustdagi 200-son qarorining 1-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 46-modda), shuningdek, qarorga 6-ilovaning 5-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 27-modda) ilovaning 42-bandi.

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
2 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси